Quantcast
Channel: Talabalar shaharchasi
Viewing all 90 articles
Browse latest View live

Talabalar uchun foydali manbalar

$
0
0

Bugun biz AQShda o’qish niyatida bo’lgan talabalar yoki bo’lajak talabalar uchun bir necha qiziqarli maqolalar ro’yxatini taqdim etmoqchimiz. Bu nafaqat AQShda endi o’qimoqchi bo’lgan xorijliklar, balki allaqachon bu yerda tahsil olayotganlar uchun ham foydalidir.

AQShning bir qator nufuzli axborot nashrlarida chop etilgan maqolalardan jamlangan ushbu ro’yxatda siz o’qishga kirish uchun insho yozish, professorlar bilan aloqa qilish, kampuslardagi xalqaro talabalar uchun mavjud sharoit va imkoniyatlar, TOEFL imtihonini muvaffaqiyatli topshirish sirlari hamda boshqa bir qator mavzularda qiziqarli ma’lumotlarga ega bo’lasiz.

Ushbu ro’yxat va undagi maqolalar ingliz tilini yaxshi biladigan talabalar uchun mo’ljallangan. Demak, ularni o’qib, tushunishingiz va ulardan naf ko’rishingiz uchun ingliz tilini bilishingiz kerak.

Ma’lumotlarni o’qish uchun quyidagi ro’yxatdan maqolalarning nomi ustiga bosing. Shunda maqola joylashgan saytga kirib, uning to’liq matnni o’qish imkoniga ega bo’lasiz.

Marhamat, maqolalar ro’yxati bilan tanishing:

Kelgusidagi maqolalarimizda ushbu maqolalarda ko’tarilgan muhim masalalarni batafsil ozbek tilida sizlarga taqdim etish niyatimiz bor. Demak, saytimizni kuzatib boring.


Suriyalik talabalar uchun maxsus grant tashkil etildi

$
0
0

 

Suriyada fuqarolar urushi davom etayotganiga qaramay, yoshlar orasida chet elga chiqish uchun urinayotganlar soni ko’p. Ayni shu maqsadda urushdan aziyat chekayotgan bu yoshlarga yordam berish uchun maxsus grant dasturi tashkil etildi. Xorijdagi suriyaliklarning “Jusur” nomli tashkioti tomonidan yo’lga qo’yilgan bu dasturga minglab suriyaliklar hujjat topshirgan.

“Bular katta tashvishni boshidan kechirayotgan talabalar, – deydi tashkilot vakili Lin al-Zaybak. – Bilasiz, ularning hayoti xavf ostida. Oilalarining ham hayoti xavf ostida. Daromad keltiradigan ishlari ham yo’q. Shunday bo’lsa-da, ular ta’lim olishga ahd qilgan. Chunki ta’lim kelajakka yo’l ochadigan yagona kalit ekanini ular yaxshi biladi”.

“Jusur” tashkiloti Amerikadagi Xalqaro ta’lim instituti bilan hamkorlikda maxsus Suriya ta’lim loyihasini yo’lga qo’ydi. Ushbu dastur asosida AQSh va Yevropadagi 40 dan ortiq universitet suriyalik talabalar va professorlarga yordam qo’lini cho’zishga rozi bo’ldi. Talabalarni qabul qilish va ularning o’qish sohalarini belgilash masalasini universitetlarning o’zlari hal etadi. Hozirda 70 dan ortiq suriyalik talaba shu grant asosida tahsil olmoqda.

Vashingtondagi Amerika universitetida ham bir suriyalik talaba va professor Xalqaro xizmat maktabida o’qib, malaka oshirmoqda.

Maktab dekani Liana Dansmor talabalarni qabul qilishda Davlat departamentining “EducationUSA” dasturi yordam berganini ta’kidlaydi.

“Xalqaro xizmat maktabi talabalarni ijtimoiy adolat masalalarida, shuningdek, qabul qilinadigan qarorlarning ta’siri bo’yicha tayyorgarlikdan o’tkazadi”, – deydi u.

Xalqaro ta’lim instituti vitse-prezidenti Daniela Keisning aytishicha, keyingi oylarda yana 600 talabaning o’qishini moliyalash ko’zda tutilmoqda.

Xalqaro Ta’lim instituti, shuningdek, suriyalik professor-o’qituvchilar uchun “Olimlarni qutqarish” jamg’armasini tashkil etdi. Bu yili mazkur jamg’arma yordami bilan 30 suriyalik tadqiqotchi dunyoning besh davlatida yangi ish o’rni bilan ta’minlandi.

Ushbu ta’lim dasturlari va grantlar haqida to’liq ma’lumotni www.iie.org saytidan topishingiz mumkin.

O’qish bepul bo’lgan kollejlar

$
0
0

Oliy ta’lim olish juda qimmat bo’lgan AQShdek davlatda ham hanuz o’qish bepul bo’lgan kollejlar bor ekan. Ularning aksariyati kichik ta’lim muassasalari bo’lib, bepul ta’lim evaziga talabalardan haftasiga bir necha soat ishlab berishni talab etadi. Ayni paytda yotoq va yashash xarajatlarini talabalarning o’zlari ko’tarishi kerak. Lekin ayrimlarida yashash xarajatlari ham o’qish tomonidan qoplanadi.

Navbatdagi maqolamizda ana shunday kollejlarning bir nechtasi haqida ma’lumot bermoqchimiz.

1. Kentaki shtatida joylashgan Alis Lloyd kollejida o’qish mutlaqo bepul. Faqat bunday huquq Markaziy Apalachian hududidan kelgan talabalargagina beriladi.  Bunday hudud Ogayo, Virjiniya, Vest-Virjiniya, Tennesi va Kentakining 108 okrugini o’z ichiga oladi. Amerika kollejlarining reytingini belgilovchi “U.S. News” nashri ro’xatida bu kollej 40-pog’onani band etgan.

2. Berea kolleji Kentakidagi yana bir o’qish bepul bo’lgan oliy ta’lim muassasasidir. Bu yerda talabalar o’qishga pul to’lamaydi, ammo Talabalar ish dasturida ishtirok etishi kerak. Talabalar majburiy ish soatlari uchun hatto, oz bo’lsa-da, ish haqi oladilar. “U.S. News” nashri reytingida bu kollej 76-o’rinni band etgan.

3. Montano shtatidagi Ozarks kollejida ham talabalar haftasiga 15 soat ishlab berish evaziga bepul ta’lim oladilar. Shuningdek, ta’til paytida ham qo’shimcha 40 soat ishlab berishlari kerak.  “U.S. News” nashrining mintaqadagi kollejlar reytingida 10-o’rinni band etgan.

4. Nyu-York shahridagi san’at, arxitektura va muhandislik sohalari bo’yicha taniqli Cooper Union kolleji ham barcha talabalarga bepul ta’lim berishi bilan mashhur. Ammo 2014-yilning kuzidan boshlab, kollej to’liq bepul ta’lim berish siyosatidan voz kechmoqchi. Moliyaviy muammolar tufayli, yangi o’quv yilidan boshlab talabalar o’qish pulining yarmini endi o’zlari to’lashlari kerak bo’ladi.  Shimoldagi hududiy kollejlar orasida Cooper Union kolleji birinchi o’rinda turadi.

5. Filadelfiyadagi Kurtis musiqa instituti  kichik, lekin talabalarga bepul ta’lim berishi bilan taniqli. O’quv dargohi talabalarni musiqiy mahoratiga ko’ra o’qishga qabul qiladi va qabul qilinganlarni to’liq grant bilan ta’minlaydi.

6. Kaliforniyadagi Dip Springs kolleji ikki yillik jamoat kolleji bo’lib, o’qish mutlaqo bepul. Bu yerni bitirganlar bakalavrlik darajasini tamomlashlari uchun 3 va 4-yillarni boshqa kollejlarda davom ettirishlari lozim. Kollej juda kichik, jami 25 talabaga xizmat ko’rsatadi, xolos. Bu yerda talabalar darsdan bo’sh vaqtlarida kollej homiylarining fermalarida ishlab beradi. Kollej faqat o’g'il bolalarni qabul qiladi.

7. Nyu-Yorkning Veb Instituti AQShda kemasozlik muhandisligiga bag’ishlangan yagona bepul oliy o’quv yurti hisoblanadi. Kollej ancha kichik bo’lib, faqat 80 ta talabani qabul qiladi.

8. AQShda, shuningdek, davlatga qarashli bepul oliy o’quv yurtlari ham bor. Ular, asosan, harbiy akademiyalardan iborat. Ularni bitirgan talabalar kamida besh yil davlatga majburiy ishlab berishi kerak. Bu o’quv yurtlarida o’qish, oziq-ovqat va yotoqxona bepul ta’minlanadi. Ularning ro’yxati quyidagicha:

AQSh Havo kuchlari akademiyasi; Kolorado shtatida joylashgan.

AQSh Sohil qo’riqchiligi akademiyasi;  Konnektikut shtatida joylashgan.

AQSh Tijoriy dengiz akademiyasi; Nyu-York shtatida joylashgan.

AQSh Harbiy akademiyasi; Nyu-York shtatida joylashgan.

AQSh Dengiz floti akademiyasi; Merilend shtatida joylashgan.

2015-yil uchun “Grin karta” lotereyasi boshlandi

$
0
0

© Creative Networks at myGreencard.com

O’zbekistonda “Grin karta” yutib Amerikaga ko’chib kelishni orzu qiluvchilar ko’p. Kimlar uchundir o’tgan yillarda bu orzu ro’yobga chiqqan bo’lsa, ayrimlar uchun “Grin karta” hanuz ushalmas armonligicha qolmoqda. Agar siz ham “Grin karta” borasida omadi chopmayotganlar qatorida bo’lsangiz, orzuim armonga aylandi, deya afsus chekishga shoshilmang. Chunki o’tgan yili yutmagan bo’lsangiz, bu safar omadingiz kulib boqishi hech gap emas. Demak, yana “Grin karta”ga topshirish payti keldi.

AQSh Davlat Departamenti rasmiy veb-sahifasida berilgan ma’lumotga ko’ra, 2015-yil uchun “DV” lotereyasini (Diversity Visa) o’ynash 2013-yilning 1-oktabridan boshlandi. Ro’yxatdan o’tish shu yilning 2-noyabrigacha davom etadi. Ishtirokchilar anketani internet orqali topshirishlari mumkin.

Xalq orasida “Grin karta” nomi bilan mashhur bo’lgan ushbu vizani yutib olganlar AQShda doimiy yashash huquqini qo’lga kiritish imkoniyatiga ega bo’ladi. Har yili AQSh hukumati “DV” lotereyasi orqali 50 000 atrofidagi xorijlik fuqaroga AQShda domimiy yashashi uchun viza beradi. Ushbu dasturni amalga oshirishdan maqsad AQShda kam sonli bo’lgan millatdagi immigrantlar sonini oshirish va bu bilan muhojirlar rang-barangligini muvozanatga solishdir, deyiladi hukumat ma’lumotida.

O’zbekiston “Grin karta” eng ko’p beriladigan davlatlardan biri. Har yili ushbu dastur bo’yicha o’zbekistonliklarga 4-5 ming atrofida o’rin ajratiladi.

2015-yil uchun “Grin karta” lotereyasida ishtirok etishni xohlovchilar ro’yxatdan o’tishni  http://www.dvlottery.state.gov/ sayti orqali amalga oshirishlari mumkin. Ro’yxatdan o’tish muddati 2-noyabr kuni AQSh vaqti bilan kunduzi 12:00 da nihoyasiga yetadi.

Elchixona axborotiga ko’ra, ishtirok etuvchilar ro’yxatdan imkon qadar erta o’tishlari tavsiya etiladi. Dunyo bo’ylab kiruvchilar sonining kundan kunga oshib borishi oqibatida vaqt o’tishi bilan sayt ishida sekinlashish kuzatilishi mumkin. Ro’yxatdan o’tish mutlaqo bepul va oson bo’lib, AQSh hukumati “Grin karta” uchun ro’yxatdan o’tish xizmatini taklif etuvchi turli shaxs va kompaniyalar aslida firibgarlar bo’lishi mumkinligidan ogohlantiradi.

“Grin karta”da ishtirok etish uchun siz O’zbekiston fuqarosi bo’lishingiz va kamida o’rta maktab darajasidagi ta’limga ega bo’lishingiz kerak. Ro’yxatdan o’tish va boshqa talablar haqida batafsil ma’lumotni AQSh Davlat Departamentining http://www.travel.state.gov/visa/immigrants/types/types_1318.html saytidan topishingiz mumkin. Xuddi shu ma’lumotlarni o’zbek tilida AQSHning O’zbekistondagi elchixonasi saytidan ham o’qishingiz mumkin: http://uzbek.uzbekistan.usembassy.gov/dv_uz.html.

Shuningdek, “Grin karta”ga topshirish yo’l yo’riqlari AQSh Davlat departamenti saytida o’zbek tilida ham berilgan: http://www.travel.state.gov/pdf/DV_2015_Instructions_UZBEK.pdf

“Grin Karta – 2012″ natijalari kompyuter tanlashda xatolikka yo’l qo’ygani bois bekor qilinib, tanlov ishtirokchilar orasida yangidan o’tkazilgan edi.

Hukumatning ishdan to’xtashi ta’lim tizimiga qanday ta’sir ko’rsatdi?

$
0
0

http://gdb.voanews.com/06834B15-0540-4155-83E5-949C1F2BD2CC_w640_r1_s.jpg

Hukumatning ishdan to’xtashi nima degani?

Avvalo, sarlavhaga tushuntirish bersak. Hukumatning ishdan to’xtashi nima degani? Shu yilning 1-oktabridan 15-oktabrigacha, demak, qariyb ikki haftadan ziyod AQSh federal hukumati byudjetining qabul qilinmasligi oqibatida ishlamadi. Kongressning Vakillar palatasida Respublikachilar partiyasi vakillari ko’p bo’lgani bois, davlat byudjetini qabul qilish bo’yicha ular prezident Barak Obama boshliq demokratlar bilan kelisha olmadi. Kelishmovchilikning asosiy sababi “Obamacare” deb ataladigan sog’liqqa oid yangi qonun ijrosi uchun respublikachilarning pul ajratishdan bosh tortishi bo’ldi. Natijada hukumat ikki hafta pulsiz qolib, federal hukumatdan pul oluvchi ko’plab tarmoqlar moliyasiz qoldi.

Bu narsa talabalarga qanday ta’sir ko’rsatdi?

AQShda davlat universiteti hisoblanuvchi oliygohlar moliyaviy yordamni federal hukumatdan emas, asosan, shtat hukumatidan oladi. Shu bois federal hukumatning ikki hafta davomida ishlamasligi bu o’quv yurtlarida o’quvchi talabalarga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatdi, deb bo’lmaydi. Ammo ta’sir qilgan jihatlari bor. Quyida shularni qisqacha sanab o’tamiz.

1. Federal hukumatdan olinadigan grantlar vaqtincha to’xtatildi. Yangi byudjet qabul qilinguncha, federal hukumatdan yordam oluvchi barcha universitet va tadqiqot dasturlarining moliyaviy yordam olishi kechiktirildi. Ilgari taqdim etilgan grantlar ular o’z vaqtida yetkazib berildi, ammo federal hukumat ishlamagan paytda Talim departamenti ham faoliyat yuritmagani bois yangi grantlar ajratilmadi.

2. Ilmiy tadqiqotlarni moliyalash to’xtatildi. Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish kabi tadqiqot markazlari to’la federal hukumat hisobidan moliyalanadi. Hukumat ishdan to’xtagan paytda ularning ham faoliyati to’xtatildi. Buning oqibatida nafaqat tumov kabi kasalliklarga qarshi olib boriladigan mavsumiy tekshiruvlar to’xtab qoldi, balki oziq-ovqat sifatini tekshiruvchi markazlar ham vaqtincha ishlamadi.

3. Akademik ma’lumotlar bazasi yangilanmadi. O’tgan ikki hafta davomida Aholini ro’yxatga olish, Mehnat statistikasi byurosi, Ta’lim Resurslari Axborot markazi, Milliy arxiv kabi hukumatga qarashli markaz va bo’limlar ishlamadi va ulardagi ma’lumotlar bazasi yangilanmadi. Natijada ushbu manbalar xizmatidan foydalanuvchi tadqiqotchilar va talabalar eng so’nggi ma’lumotlarni olish imkoniyatidan mahrum bo’ldi.

4. Sayohat qiluvchilarga ham ta’sir qildi. Ikki hafta davomida pasport beruvchi xizmatlar ham ishlamadi. Demak, o’qish bilan bog’liq xorijga chiqish istagida bo’lganlarning sayohat rejalari kamida ikki haftaga kechikdi.

5. Davlatdan ta’lim uchun olinadigan qarzlarchi? Davlatdan qarz olib o’quvchi talabalar xotirjam bo’lsin. Byudjetning kechikishi talabalar oladigan qarzlarga ta’sir qilmadi. Ular o’z vaqtida to’lab borildi.

Hukumat ilgari ham ishdan to’xtaganmi?

Ha. Bu AQShda 18-marta hukumatning ishdan to’xtashi. Byudjetning vaqtida qabul qilinmasligi bois hukumatning ishdan to’xtashi ilk bor 1976-yilda ro’y bergan. Ammo hukumatning ikki haftadan uzoqroq muddat ishlamasligi shu vaqtgacha faqat ikki marta ro’y bergan. Birinchisi prezident Jim Karter davrida (1978-yil 30-sentabrdan 18-oktabrgacha – 18 kun), ikkinchisi esa Bill Klinton davrida (1995-yil 16-dekabrdan 5-yanvargacha – 21 kun) yuz bergan.

AQShda o’qishning o’ziga xos jihatlari

$
0
0

classroom

© Royalty Free Image

Amerika universitet ta’lim sifati yuqoriligi bilan dunyoda peshqadam davlatlardan biri hisoblanadi. Bu nimaning hisobiga? Bu yurtdagi oliy ta’lim tizimidagi o’ziga xos jihatlar nimalardan iborat? Bu xos xususiyatlarning bevosita talabaga bog’liq bir nechtasi haqida quyida qisqacha ma’lumot bermoqchimiz.

1. Butun semestr davomida yozma ishlar, topshiriqlar bo’ladi

Biror fandan qanday baho olishingiz semestr oxirida bo’ladigan yakuniy imtihongagina bog’liq emas. Ya’ni, oladigan bahoingiz o’qish davomida yoziladigan, bajariladigan boshqa topshiriqlar, oraliq nazorat ishlariga ham bog’liq bo’ladi. Demak, so’nggi imtihonni kutib yurmasdan, kurs davomida barcha topshiriqlarni a’lo bajarishga harakat qilishingiz kerak.

2. Darslarda faol qatnashish muhim

Ko’plab professorlar sizning darsda ishtirok etishingizga alohida e’tibor beradi. Demak, dars davomida o’tilayotgan mavzu bo’yicha muhokamalarda qatnashishingiz, savollar berishingiz yoki qoshimcha fikrlar bildirishingiz yakunda yaxshi baho olishingizda muhim ahamiyatga ega. Ko’pincha, yakuniy bahoning 25 foizini darsdagi ishtirokingiz hal qiladi.

3. Yodlashdan ko’ra tushunishga ko’proq e’tibor beriladi

Darslarda qatnashishning muhim jihati shundaki, unda professor sizning mavzuni qanchalik tushunayotganingizni aniqlash imkoniyatiga ega bo’ladi. Professorlar sizdan ma’lum mavzudagi raqamlarni yoki jumlalarni yoddan bilishingini ta’lab etmaydi, aksincha, muhim qoidalarni, mavzu mohiyatini tushunishingiz yaxshi baho olishingiz uchun kifoya qilishi mumkin. Ba’zi imtihonlarda to’g'ri javobning o’zi bo’lmaydi. Sizning mavzuni tushuntirishingiz yoki tahlil qila olishingizga baho qo’yiladi. Yoki javobni to’g'ri topsangiz ham, ammo uni qanday topganingizni tushuntirib bera olmasangiz, bahoingiz pasayishi mumkin.

4. Darslarni tanlash ixtiyoriga egasiz

O’z yo’nalishingiz bo’yicha olishingiz shart bo’lgan ma’lum darslardan tashqari, o’qish uchun fanlarni tanlashda mutlaq erkinlikka egasiz. Ya’ni, universitetingizda o’qitiladigan ko’plab fanlardan o’zingiz istagan yoki yoqtirgan birini tanlashingiz mumkin. Shuning uchun turli darslarda har xil bilan o’tirishingiz tabiiy hol. Chunki siz kirayotgan darsni boshqa kursdoshingiz olmagan bo’lishi mumkin. Yoki magistratura darajasida o’qib turib siz bakalavrdagi talabalar bilan birga ularning darsiga kirishingiz, hatto o’z maktabingizdan boshqa maktabga borib, o’z yo’nalishingizdan mutlaqo boshqa sohadagi darsni olishingiz ham mumkin. Ayrim maktablarda boshqa yo’nalishlardan dars olish hatto majburiy qilib qo’yilgan. Chunki talabalarning turli sohalarda aqliy qobiliyatini rivojlantirishiga AQSh ta’lim tizimida alohida e’tibor qaratiladi.

5. Guruh bo’lib ishlash rag’batlantiriladi

Dars davomida ayrim topshiriqlar yoki loyihalarni guruhlarga bo’lingan holda bajarasiz. Yakunda har bir ishitirokchiga qo’yiladigan baho barcha guruh a’zolarining birgalikda qilgan ishiga qarab qo’yiladi. Ya’ni, talabalar mustaqil ishlash bilan birga, guruh bo’lib, boshqalar bilar birga ishlashni o’rganishga ham rag’batlantiriladi.

5. Ko’chirmachilik – kechirilmas jinoyat!

Hamma joyda ham imtihon davomida yoki yozma ishlarda boshqalardan, tayyor manbalardan ko’chirish taqiqlanadi. Bu narsaga, ayniqsa, AQShda juda qattiq e’tibor beriladi. Agar professor yozma ishingizda biror joydan ko’chirganingizni sezib qolsa, nafaqat ushbu fandan bahoingizni yo’q qilishi mumkin, balki hatto sizni o’qishdan haydash masalasini ham ko’tarishi mumkin. Shuningdek, ko’chirmachilik nafaqat ma’muriyat tomonidan, balki talabalarning o’zilari tomonidan ham yomon ko’riladi. Ko’chirmachilikni ko’plab talabalar pastkashlikdek deb o’zlari uchun ep ko’rmaydi.

Shuning uchun Amerikada o’qish davomida ko’chirmachilik qilishdan juda e’htiyot bo’ling. Bilmaslik tufayli yoki yalqovlik qilib imtihonni yoki vazifani bajarmasligingizni kechirishlari mumkin, ammo birovning tayyor ishidan ko’chirib yozgan ishingiz aslo qabul qilinmaydi va bu qilmishingiz kechirilmaydi.

 

Bular AQSh oliy ta’lim tizmidagi o’ziga xos xususiyatlarning ayrimlari xolos. Bunday ma’lumotlar sirasiga yana ko’plab misollarni keltirish mumkin. Biz esa yuqoridagi muhim masalalar bilan kifoyalanishni lozim topdik.

Agar sizda mavzu bo’yicha qo’shimcha ma’lumotlar, fikr-mulohazalar yoki savollar bo’lsa, ularni kutib qolamiz.

“Osiyo-Tinch okeani yetakchilik dasturi”ga qabul boshlandi

$
0
0

© Program Official Website

© Program Official Website

“Osiyo-Tinch okeani yetakchilik dasturi”ning 2014-o’quv yili uchun qabul boshlandi. Bu dastur dunyoning turli burchagidan kelgan professional mutaxassislarga AQShda bir yil davomida (buning kamida yarmi Gavayida o’tadi) yuqori darajada malaka oshirish va tajriba orttirish imkonini beradi. Yetakchilik, Osiyo va Tinch okeani mintaqasida tinchlik va barqarorlik o’rnatilishiga qaratilgan ish va dasturlarga qiziquvchi har qanday odam, jinsi, fuqaroligi va yoshidan qat’i nazar, ushbu dasturda ishtirok etishi mumkin.

Dasturda qatnashish uchun ishtirokchilarga quyidagi talablar:

  • Ishtirokchilar kamida bakalavr darajasiga ega bo’lishi kerak;
  • TOEFL yoki IELTS ingliz tili testlarini topshirgan bo’lishi kerak. Bakalavrlik darajasini o’qish tili ingliz tili bo’lgan universitetdan olganlar bu shartdan ozod qilinadi.

Yetakchilik mahorati va shu yo’nalishda, xususan, tinchlikni saqlash va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo’yicha ish tajribasiga ega bo’lganlar va shu yo’nalishlarga qiziqshi yuqori bo’lganlar afzal ko’riladi, ammo qatnashish uchun bular talab qilinmaydi.

Moddiy yordamga ehtiyoji borganlar uchun taxminan $15,000 atrofida grant beriladi. Grant olish istagida bo’lganlar hujjatlarni 1-dekabrgacha topshirishi lozim. Grantga ehtiyoji yo’qlar uchun hujjatlarni topshirish muddati 1-mart qilib belgilangan.

Hujjatlar quyidagi manzilga yuborilishi kerak:

Award Services/APLP
East-West Center, JAB 2066
1601 East-West Road
Honolulu, Hawai‘i 96848-1601
U.S.A.

Topshirish uchun lozim bo’lgan hujjatlar ro’yxati, anketa va ularni yuborish tartibi haqidagi to’liq ma’lumotni quyidagi manzilgan topishingiz mumkin:

http://www.eastwestcenter.org/education/aplp/application-and-finances/

Izoh: O’zbekiston Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari ro’yxatiga kiritilmagan. Shuning uchun bu dasturga hujjat yuborishdan oldin APLP@EastWestCenter.org elektron pochtasiga xat yozishingiz va shu dasturda qatnashish istagida ekaningizni asosli tarzda ma’lum qilishingiz lozim. Anketa topshirish tartibi haqida to’liq ma’lumot:

https://www.eastwestcenter.org/sites/all/modules/filemanager/files/Education_Program/APLP/2014_APLP_Application_Instructions.pdf

San’at vakillari uchun AQShga kelish imkoniyati

$
0
0
Artslink

Teatr, rassomchilik, raqs, haykaltaroshlik kabi san’at sohalaridan birida faoliyat yuritasizmi? Balki shunday san’atlar bilan bog’liq loyihalarni boshqararsiz? Unda siz AQShga grant orqali kelib, o’z san’atingizni namoyish etish imkoniyatiga egasiz.

Ushbu dasturda ishtirok etishning shartlari quyidagicha:

Avvalo, sizning AQShga kelib amalga oshirmoqchi bo’lgan san’at loyihangiz notijoriy maqsadda bo’lishi mumkin. Masalan, siz AQSh maktablari bo’ylab o’quvchilarga o’z san’atingizni namoyish etish niyatidasiz va bundan hech qanday moddiy manfaat topmaysiz. Bunday loyiha uchun sizda grant yutish imkoniyati bor.

Shuningdek, siz o’z sohangizning professsional ustasi bo’lishingiz kerak. Havaskorlar yoki talabalar bu dasturda qatnashishi mumkin emas. Yoshga cheklov qo’yilmagan. Muhimi, professional san’at egasi bo’lishingiz kerak.

Qolaversa, dasturda qatnashishi mumkin bo’lgan 37 davlatdan birining fuqarosi bo’lishingiz kerak. O’zbekiston ham qatnashishi mumkin bo’lgan davlatlar ro’yxatida bor.

Siz AQShda amalga oshirish niyatida bo’lgan loyihangizni 2014-yilning 1-mayidan boshlashingiz mumkin. Uni uzog’i bilan 2015-yilning 30-apreligacha tamomlashingiz kerak. Demak, ushbu grant bir yil muddatga beriladi.

Shuningdek, loyihani amalga oshirish uchun avvaldan AQShda hamkor topishingiz kerak. Masalan, AQShda rasmlaringiz ko’rgazmasini tashkil etish niyatida bo’lsangiz, shu ko’rgazmani tashkil etishda sizga yordam berishga rozi bo’lgan tashkilotni oldindan topishingiz lozim.

Grant uchun topshirish lozim bo’lgan hujjatlar

Dasturda ishtirok etish uchun quyidagilarni topshirishingiz talab etiladi:

- Rezyume yoki CV (500 so’zdan oshmasligi kerak);

- Quyidagi savollarga javob beruvchi esse:

1. Ilgari tadqiqot yoki o’qish maqsadida xorijda bo’lganmisiz? Shunday bo’lsa, qachon va qayerga borgansiz?

2. “ArtsLink” dasturida orttirgan tajribangizni o’z yurtingizga qaytgach, boshqalar bilan qanday baham ko’rmoqchisiz?

3. Bu loyihangizning shaxsiy san’at qiziqishlaringiz yoki bunyodkor maqsadlaringizga qanday aloqasi bor? Nega AQShga kelib bu loyihani amalga oshirmoqchisiz? Nega hozir?

- Byudjet rejasi;

AQShda amalga oshiradigan ishlaringiz va ularga ketadigan mablag’ summasini maxsus formani to’ldirish orqali topshirishingiz lozim.

- Loyiha haqida qisqacha ma’lumot

Loyihaning qisqa mazmuni (Ko’pi bilan 100 so’z);

Loyiha haqida to’liq ma’lumot (Ko’pi bilan 500 so’z);

- Taklifnoma va tavsiyanomalar;

O’z yurtingizdan sizni o’zingiz shug’ullanadigan san’at turi bo’yicha yaxshi taniydigan professional san’at ustasi tomonidan yozilgan tavsiyanoma;

AQShlik san’at ustasi tomonidan yozilgan tavsiyanoma;

AQShda sizning loyihangizni o’tkazib berishga rozi bo’lgan mezbon tashkilot tomonidan taklifnoma.

- Ishingizdan namunalar

Siz o’zingiz ixtisoslashgan san’at turi bo’yicha yaratgan ishlaringizdan namunalarni ham yuborishingiz kerak. Ushbu namunalarni yuborishning to’liq shartlari va yuqorida tilga olingan jami hujjatlarni topshirish tartibi haqida to’liq ma’lumot bilan quyidagi manzilda tanishib chiqing:

http://www.cecartslink.org/grants/independent_projects/guidelines.html#sthash.rfhjpZ4W.dpuf

Qo’shimcha savollaringiz bo’lsa, ularni al@cecartslink.org elektron pochtasiga yuborishingiz mumkin.


AQSh elchixonasi jurnalistlar uchun tanlov e’lon qildi

$
0
0

© Photo State.gov

AQSh bilan bog‘liq masalalarni professional darajada yoritishni rag‘batlantirish maqsadida Toshkentdagi AQSh elchixonasi  O‘zbekistondagi jurnalistlar uchun tanlov e’lon qiladi.

Tanlovda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha telekanal, radio, gazeta va internet jurnalistlari ishtirok etishi mumkin. Viloyatlarda yashab ijod qilayotgan jurnalistlarning tanlovda ishtirok etishi qizg‘in qo‘llab-quvvatlanadi.

Tanlovga topshiriladigan ishlar AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarga, jumladan, ta’lim, madaniyat, iqtisodiyot va siyosatga oid bo‘lishi mumkin.

Jurnalistlar yuqoridagi mavzulardan biriga yoki bir nechtasiga oid materiallaridan eng yaxshi bir yoki ikkitasini yuborishlari lozim. Materiallar o‘zbek, rus va/yoki ingliz tillarida taqdim etilishi mumkin.

Tanlovda ishtirok etish uchun 2013-yilning 15-dekabridan kechikmasdan TashkentPressCenter@state.gov elektron adresiga quyidagi ma’lumotlarni yuborish lozim:

1.      Muallif ism-sharifi, tashkilotining nomi va telefon raqami/el.pochta adresi.

2.      Material matni.

3.      Material bosilgan/efirga uzatilgan/internetga kiritilgan yoki kelgusida e’lon qilinadigan sana.

4.      Gazeta/TV va radiokanal/vebsayt nomi yoki adresi.

Material 2013-yilda chop etilgan/efirga uzatilgan bo‘lishi kerak. AQSh elchixonasi vakillari eng yaxshi ishlarni saralab oladi. G‘oliblar 2013-yil dekabr oyida bo’lib o’tadigan Press-Gapda e’lon qilinadi.

Topshirilgan ishlar quyidagi mezonlarga asosan baholanadi:

·         Chuqur ma’noli, yaxshi tadqiq etilgan, mazmundor material.

·         Misollar va ishonarli faktlarga asoslangan material.

·         G‘oyasi aniq ifodalangan material.

·         O‘ziga xos, e’tiborni tortadigan uslubda yoritilgan material.

·         O‘zbekistonda Qo‘shma Shtatlarni tushunishni chuqurlashtirishga qaratilgan material.

Mukofotlar:

Birinchi mukofot:

-          faxriy yorliq

-          planshet

Ikkinchi mukofot:

-          faxriy yorliq

-          mini-planshet

Uchinchi mukofot:

-          faxriy yorliq

-          fotoapparat/diktofon

Tanlov bilan bog‘liq barcha savollarni TashkentPressCenter@state.gov adresiga yo‘llashingiz mumkin.

Xitoyliklar dunyoning eng tirishqoq talabalari deb topildi

$
0
0

http://coxrare.files.wordpress.com/2013/11/chinese-schools.jpg?w=600

© Photo AP

Dunyoning eng tirishqoq va qobiliyatli talabalari qayerda ekanini bilasizmi? Ular Amerikada emas. Yevropada ham emas. Xalqaro talabalarni baholash dasturi bo’yicha yaqinda olib borilgan tadqiqot natijalariga ko’ra, dunyoning eng aqlli talabalari Xitoyning Shanxay shahridan ekan.

Matematika, o’qish va aniq fanlar bo’yicha o’tkazilgan imtihonlarda shanxaylik talabalar dunyoning 65 davlati talabalari orasida eng yuqori baho to’plagan. Ular hatto AQShliklarni ham ortda qoldirgan.

Bunday imtihon har uch yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan 15-16 yoshli o’quvchilar o’rtasida o’tkaziladi. So’nggi testda eng yuqori 10 o’rinning yettitasini sharqiy Osiyo davlatlari vakillari egallagan.

AQShlik o’quvchilar jami davlatlar orasida 36-o’ringa loyiq deb topilgan. Ular matematika bo’yicha xalqaro o’rtacha natijaga qaraganda kamroq ball to’plagan. O’qish va boshqa aniq fanlar bo’yicha esa o’rtacha darajani qayd etgan.

Dunyo bo’ylab o’tkazilgan imtihonlarda 65 davlatdan yarim million o’quvchi ishtirok etgan.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining ma’lum qilishicha, kelajakka ishonchi yuqori bo’lgan va o’z imkoniyatlarini yuqori baholagan yoshlar imtihonlarda eng yaxshi natijani ko’rsatgan. Masalan, shanxaylik o’quvchilar nafaqat o’z oldilariga qo’ygan maqsadlariga erisha olishiga ishonadi, balki shu yo’lda lozim bo’lgan barcha ishni qilishga tayyor, deydi tashkilot vakillari.

AQSh Ta’lim vaziri Arne Dunkan o’quvchilar salohiyatiga oid yangi hisobot haqida fikr bildirib, imtihon natijalari AQShda ta’lim tizimi turg’unlikka yuz tutganini ko’rsatishini ta’kidladi.

Shu bois ham so’nggi yillarda AQShda o’quvchi va talabalarni matematika hamda boshqa aniq fanlarni ko’proq o’rganishga rag’batlantiruvchi turli dasturlar ishlab chiqilgan. Ammo ular kutilgan samarani bermayapti. Mamlakatda aniq fanlar bo’yicha tadqiqot olib borayotgan olimlarning aksariyati xorijliklardir.

O’qituvchilar uchun AQShda malaka oshirish imkoniyati

$
0
0

O’qituvchimisiz? Ingliz tili, ijtimoiy fanlar (ijtimoiy ta’lim, fuqarolik huquqi, tarix yoki geografiya) yoki matematika va tabiiy fanlardan birini o’qitasizmi? Unda siz ikki oy muddatga AQShga kelib o’qib ketish imkoniyatiga egasiz. Shoshiling, Toshkentdagi AQSh elchixonasi 2015-yil uchun yangi ta’lim grantini e’lon qildi.

Hujjatlarni topshirish muddati 3-mart, 2014-yil, 18:00.

Muallimlik fazilatlari va yutuqlari dasturi (The Teaching Excellence and Achievement (TEA) Program) AQSh Davlat Departamentining Ta’lim va Madaniyat Ishlari bo‘yicha Byurosi dasturi bo’lib, Yevropa va Yevroosiyo, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani, Yaqin Sharq, Janubiy va O‘rta Osiyo, Sahro Afrikasi va G‘arbiy yarim shar mintaqalaridan 156 nafar o‘rta maktab o‘qituvchilarini har yili o‘z sohalarida tajribalarini kengaytirish, dars berish qobiliyatlarini rivojlantirish hamda AQSh to‘g‘risidagi bilimlarini yanada oshirish uchun AQShga olib keladi.

Xalqaro qatnashchilar 75-78 nafar o‘qituvchilardan iborat ikki guruh bo‘lib, yiliga ikki marta AQShga tashrif buyuradilar. Ularning dasturlari o‘quv metodologiyasi, darslarni rejalashtirish va ishtirokchilar vatanlaridagi sharoitda o‘qitish metodologiyasi strategiyalarini ishlab chiqish, internetda izlanishlar va yozuv-chizuv ishlari uchun hamda o‘quv qo‘llanmasi sifatida kompyuterlardan foydalanish bo‘yicha kurs ishlari va jadal treninglardan iborat. Shu bilan birga, olti haftalik dastur qatnashchilarni AQSh ta’lim tizimi bilan bevosita tanishtirish va tajribalar almashish maqsadida ikki haftadan iborat o‘rta maktabda dars berish amaliyotini ham o‘z ichiga oladi. Dastur davomida qatnashchilar uchun AQSh madaniy yodgorliklariga tashriflar uyushtiriladi hamda ularga akademik ko‘mak ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, dastur xalqaro o‘qituvchilarga maktablari uchun kerakli materiallarni sotib olishlari, boshqa o‘qituvchilar uchun treninglar o‘tkazish hamda ularning almashinuv tajribasiga yordam beruvchi boshqa tadbirlarni tashkil etish maqsadlari uchun qo‘shimcha grantlarni taqdim etadi.

Dastur doirsida quyidagi xarajatlar qoplanadi:

J-1 vizasini olishda yordam berish;

Toshkentda safaroldi tayyorgarligini o’tkazish;

Borib-kelish va AQShichidagi safar uchun samolyot chiptasi;

Poytaxt Vashingtonda o‘tkaziladigan kutib olish marosimi;

Akademik o‘quv pullari;

Baxtsiz hodisa va sog’liq sug’urtasi;

Uy-joy ijarasi (aksariyat hollarda boshqa dastur ishtirokchilari bilan taqsimlanadi) va oziq-ovqat;

Amaliyot maktabiga qatnash transport xarajatlari (agar lozim bo‘lsa);

Kitoblar/professional rivojlanish uchun mablag‘lar;

AQShning qabul qiluvchi universiteti tomonidan o‘tkaziladigan yakuniy anjuman;

AQSh o‘qituvchisini ikki hafta muddatga qabul qilish hamda dasturdan keyingi grantlarni olish uchun ariza topshirish imkoniyatlari;

Dastur yakunidan keyingi yangi grantlarni olish uchun ariza topshirish imkoniyati.

Tanlov Talablari

Dasturda qatnashish uchun nomzod quyidagi talablarga javob berishi kerak:

To‘liq stavkada ishlovchi o’rta maktab o’qituvchisi bo’lish;

Ingliz tili, ijtimoiy fanlar (ijtimoiy ta’lim, fuqarolik huquqi, tarix yoki geografiya) yoki matematika va tabiiy fanlardan birini o’qitishi;

Kamida besh yil o‘qituvchilik tajribasiga ega bo‘lishi;

O‘zbekiston fuqarosi;

Og‘zaki va yozma ingliz tilini yaxshi bilishi (Internet asosidagi TOEFLdan kamida 45-46 bal olishi kerak);

Dastur tugashi bilan vataniga qaytib, kamida yana besh yil dars berishi kerak.

Dasturda qatnashish tartibi

2015-yil uchun “Muallimlik fazilatlari va yutuqlari” dasturida qatnashish uchun topshiriladigna anketani shu yerdan saqlab olishingiz mumkin (PDF – 1.52 MB). Ushbu anketaga qo’shimcha ravishda o’zingiz ishlaydigan maktabdan qo’llab-quvvatlov va tavsiya xati  olishingiz kerak. Bu xatga rahbaringiz yoki maktab direktori imzo qo’yishi lozim.  Qo’llab-quvvatlov va tavsiya xati ingliz tilida topshirilishi lozim. Uning nusxasini mana bu yerdan saqlab olishingiz mumkin ( Institutional Support and Reference Form PDF – 199kB).

To’ldirilgan anketa va maktabdan olingan xatni uch nusxada ko’paytirib, originali bilan birga jami to’rt nusxani Toshkentdagi AQSh elchixonasiga topshirishingiz kerak.

Hujjatlarni topshirish muddati 3-mart, 2014-yil, 18:00.

Topshiradigan hujjatlaringiz quyidagilardan iborat bo’lishi kerak:

  1. Maktabdan olingan qo’llab-quvvatlov va tavsiya xati – Application and Institutional Support and Reference Form (Bitta original va uch dona ko’chirma nusxasi);
  2. Anketa (Bitta original va uch dona ko’chirma nusxasi);
  3. Pasportingizning rasm va shaxsiy ma’lumotlar joylashgan sahifalarining nusxasi (To’rtta nusxa);

Hujjatlarni 3-mart, 2014-yilgacha quyidagi manzilga topshirishingiz kerak:

TEA 2014 PROGRAM
Public Affairs Section
Embassy of the United States of America
3 Moyqorghon Street, 5th Block Yunusobod District
Tashkent, 100093 Uzbekistan

Dastur bo’yicha qo’shimcha savollaringiz bo’lsa, ularni  Tashkent-Program@state.gov elektron pochta manziliga yuborishingiz mumkin. Yuborayotgan maktubingizni “TEA” nomi bilan atashni unutmang.

Talabalar uchun maxsus axborot seminarlari (Toshkentda)

$
0
0

http://photos.state.gov/libraries/adana/5/logos/EducationUSA_logo_color_120x70.jpg

© US Embassy Tashkent

Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi yoki Toshkentga kelish imkoniyatiga ega bo’lgan talabalar diqqatiga!

Toshkent shahridagi AQSh elchixonasida joylashgan Ta’lim maslahat markazida kelayotgan kunlar talabalar uchun maxsus bir necha muhim axborot sessiyalari tashkil etilmoqda. Ularda AQShda grant asosida o’qish, grantlarni topish yo’l-yo’riqlari hamda AQShda o’qish sir-sinoatlariga oid muhim ma’lumotlar beriladi. AQShda o’qish niyatida bo’lgan barchaga ushbu yig’inlarda qatnashishni tavsiya qilamiz.

1. 9-yanvar kuni 16:00 da AQShning Barea kollejida o’qigan o’zbekistonlik talabalardan biri ushbu kollejga kirish yo’l-yo’riqlari haqida ma’lumot beradi. Barea kollejining o’ziga xos jihati shundaki, unda xorijlik talabalar uchun 100 foizlik grant beriladi. Albatta, bu kollejning xorijliklarni o’ziga eng ko’p jalb etadigan jihatlaridan biri. AQShda bepul ta’lim olish istagida bo’lganlarga ushbu axborot sessiyasini o’tkazib yubormaslikni maslahat beramiz.

2. Bundan tashqari, 16-yanvar kuni 16:00 daIllinois universitetida tahsil olayotgan yana bir o’zbekistonlik talaba AQShda biznes boshqaruvi (MBA) bo’yicha o’qish sir-sinoatlari va o’ziga xosliklari haqida ma’lumot beradi. Shu soha bo’yicha o’qishga qiziqayotganlar bu uchrashuvga tashrif buyurib, o’zlarini qiziqtirayotgan savollarini Illinois universitetida o’qiyotgan yurtdoshlariga berishlari mumkin bo’ladi.

3. Shuningdek, 23-yanvar kuni 16: 00 da “Fulbrayt” dasturi bo’yicha AQShda o’qiyotgan yana bir talaba ushbu dasturda qatnashish va tanlov bosqichlaridan muvaffaqiyatli o’tish yo’l-yo’riqlari haqida axborot beradi.

4. 30-yanvar kuni 16:00 da esa universitetlarni va o’quv kurslarini internet orqali topish yo’llari haqida seminar bo’ladi.

Ushbu uchrashuvlarda qatnashish uchun yig’in boshlanishidan kamida 48 soat oldin ro’yxatdan o’tishingiz lozim. Ro’yxatdan o’tish uchun Tashkent-Advising@state.gov elektron pochtasiga shu haqda murojaat qilishingiz yoki 140-2447 telefon raqamiga qo’ng’iroq qilishingiz kerak.

Murojaatingizda o’zingiz haqingizda quyidagi ma’lumotlarni qoldirishingiz lozim:

• To’liq ism familiyangiz;
• Pasport nomeringiz;
• Tug’ilgan yil va kuningiz;
• Qaysi kungi va vaqtdagi tadbirlarda ishtirok etmoqchi ekaningiz haqida ma’lumot.

AQShda o’qish uchun grant topish yo’l-yo’riqlari haqida yozgan maqolalarimizni o’qishni ham esdan chiqarmang:

Birinchi maqola: Diqqat: AQShda o’qishni istovchilar uchun yordam beramiz!

Ikkinchi maqola: AQShda ta’lim: Qayerda va nima o’qimoqchisiz?

Uchinchi maqola: AQShda ta’lim: Grantlarni qanday topish mumkin?

To’rtinchi maqola: AQShda ta’lim: Hujjatlarni topshirish jarayoni

 

AQShda o’qish uchun grant topish yo’llari

$
0
0

© Lawschoolplan.com

© Lawschoolplan.com

Bizga kelayotgan savollarning aksariyati grantlar haqida bo’lyapti. AQShda o’qish uchun ta’lim grantlarini qanday topish mumkin? Navbatdagi maqolamizda ana shu mavzuga yana bir bor to’xtalishga qaror qildik.

AQShga o’qish uchun kelish jarayonining eng qiyin bosqichi ham shu aslida. Ya’ni, grant topish. Avvalgi maqolalarimizda ham bu mavzuga alohida to’xtalganmiz. Ular bilan tanishib chiqishingizni yana bir bor tavsiya etamiz.

Birinchi maqola: Diqqat: AQShda o’qishni istovchilar uchun yordam beramiz!

Ikkinchi maqola: AQShda ta’lim: Qayerda va nima o’qimoqchisiz?

Uchinchi maqola: AQShda ta’lim: Grantlarni qanday topish mumkin?

Quyida grant topish uchun bosib o’tilishi lozim bo’lgan muhim jarayonlarni bosqichlarga bo’lgan holda qisqacha yana bir bor tushuntirib o’tamiz.

Birinchi bosqich: Tilni va bilim-malakalarni oshirish

AQShda oq’ish juda qimmat ekani hammaga ma’lum. Ko’plab amerikaliklar ham o’qishga pul to’lay oladigan darajada boy emas yoki ortiqcha pullari yo’q. Ular, odatda, ta’lim kreditlari olishadi. Chet elliklarning AQShdan ta’lim krediti olishi oson emas yoki to’lov foizlari juda qimmat bo’ladi. Shuning uchun ular oldidagi eng yaxshi variant bu o’z hisoblaridan o’qish yoki grant topish.

O’z hisobidan AQShga kelib bir necha yil ta’lim olish va yashashga qurbi yetadiganlar kam. Shuning uchun bu variant haqida to’xtalish niyatimiz yo’q. Zotan, puli bor odam uchun hamma eshiklar ochiq. Ular bizning maslahatimizga muhtoj ham emaslar.

Demak, siz AQShdan grant topishga qasd qilganlardan birisiz! Siz uchun oldindan bir xushxabar aytishim mumkin, ko’plab universitetlarda yoki grant ajratuvchi tashkilotlarda xorijlik talabalar uchun maxsus dasturlar bo’ladi yoki amerikaliklar uchun beriladigan grantlarni, loyiq kelsa, chet elliklarga ham berishadi. Shunday ekan, sizda har doim grant olish imkoniyati mavjud.

Deyarli barcha dasturlarda grant yutishning asosiy sharti da’vogar talabaning yuqori bilim va malakaga ega bo’lishidir. Ya’ni, o’zingiz o’qimoqchi bo’lgan sohada avval olgan baholaringiz yuqori bo’lishi, o’qishingizga aloqador turli muvaffaqiyatlarga erishganingiz hamda ish tajribangiz katta ahamiyatga ega.

Chet ellik bo’lganingiz uchun, siz ingliz tilini ham a’lo darajada bilishingiz kerak. Xorijlik talabalarga grant berishda, odatda, TOEFL yoki IELTS uchun minimum ball talablarini qo’yishlari mumkin. Ya’ni, o’sha grantni yutib olishingiz uchun kamida ingliz tilidan ular talab qilgan o’sha minimum ballni yiqqan bo’lishingiz kerak.

Xullas, bunisi tushunarli. Ingliz tilini zo’r bilishingiz va o’z sohangizning eng a’lochi o’quvchilaridan bo’lishingiz kerak. Hozir balki maktabda o’qiyotgandirsiz yoki bakalavrlikning dastlabki kursidadirsiz, agar kelajakda AQShda o’qish niyatingiz bo’lsa, tayyorgarlikni boshlash uchun shu yergacha yozganimiz siz uchun kifoya. Universitet yoki grant topish haqida bosh qotirmasdan, ingliz tilingiz ustida qattiq ishlashni boshlang va albatta, o’zingiz o’qiyotgan yoki o’qimoqchi bo’lgan sohaning oldi talabasi bo’ling. Buning uchun faqat qog’ozga qo’yiladigan a’lo baholarning o’zi kifoya qilmaydi. O’zingiz qiziqqan mavzuda ilmiy konferensiyalarda qatnashing, u yerlarda ma’ruzalar qiling, yozgan ilmiy ishlaringizni chop eting va hokazo o’qishdan tashqari turli tadbirlarda faol bo’ling. Bularning barchasi rezyumengizga tushadi va o’qishga hujjat topshirayotgan paytingiz yoziladigan “Statement of Purpose” uchun muhim xom-ashyo bo’ladi.

Ikkinchi bosqich: Grant topish

Bu bosqichni amalga oshirmoqchi bo’lganlar allaqachon ingliz tilini talab darajasida biladi va oq’ishga topshirish uchun barcha kerakli hujjatlarni tayyorlashga qodir deb hisoblaymiz. Agar bunday bo’lmasa, harakatlaringiz besamar ketishi ehtimoli juda yuqori. Chunki grant talablarini bajara olmaysiz. Shuni unutmangki, grantlar, odatda, cheklangan bo’ladi va talabgorlar orasidan eng zo’rlariga beriladi. Shunga tayyor bo’lishingiz kerak.

Avvalo, o’zbekistonlik talabalar uchun maxsus tashkil etilgan yoki o’zbekistonliklar uchun alohida o’rin ajratilgan grant dasturlari bor. Masalan, AQSh hukumati har yili o’tkazadigan turli grant dasturlari. Bu haqda ilgari yozganmiz, bu yerda ularga yana bir bor qisqacha to’xtalib o’tmoqchimiz.

AQSh hukumati grantlari:

O’zbekistonliklar uchun AQSh hukumati tomonidan tashkil etilgan ta’lim grantlari quyidagilar:

J. Villiyam Fulbrayt Ta’lim Granti Dasturi

Bu dastur 50 yildan beri kollej va universitetlarda tahsil olish uchun grantlar ajratib keladi. Bundan tashqari, ushbu dastur doirasida mustaqil tadqiqotchilar AQShda ma’ruza va tadqiqotlar qilishlari uchun o’rtacha to’rt va 10 oylik grantlar ham mavjud. Yana, amerikalik olimlar uchun ham chet mamlakatlarda dars berish imkoni yaratilgan.

Fulbrayt Xorijiy Talaba Dasturi

“Fulbrayt” Xorijiy Talaba Dasturi chet el oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari, yosh mutaxassislar hamda san’at arboblarining AQShda bir yil yoki undan ko‘proq muddat davomida tahsil olishlari va izlanishlar olib borishlariga ko‘mak berish maqsadida tashkil etilgan.

J. Villiyam Fulbrayt Chet Tili O’qituvchilari Uchun Dastur (FLTA)

“FLTA” dasturi ingliz tili o’qituvchilariga o’z kasb mahoratlarini oshirishga, tilni mukammal o’rganishga va o’zlarining AQSh haqidagi bilimlarini oshirishga imkon yaratadi. Dastur doirasida qatnashchilar 9 oylik bakalavr yoki magistrlik darajasi berilmaydigan kurslarda ishtirok etishi mumkin.

Xubert X. Xampri Almashinuv Dasturi

Bu dasturga 1978-yilda asos solingan va u bir yillik o’quv kursini o’z ichiga oladi. Bu grant o’rta yoshdagi mutaxassislarga mo’ljallangan. Ushbu dasturda ishtirok etishni istaganlarga quyidagi talablar qo’yiladi: liderlik qobiliyatiga ega ekanliklarini namoyish etish; mustaqil ravishda tahsil olish uchun AQShning nufuzli universitetlarida yaratilgan barcha imkoniyatlardan to’laqonli foydalanish qobiliyati borligini isbotlash. Qatnashchilarga guvohnoma taqdim qilinadi; dastur doirasida magistrlik yoki doktorlik darajasi berilmaydi.

Yosh O’qituvchilar Malakasini Oshirish Dasturi (JFDP)

“JFDP” 1994-yildan beri faoliyat olib boradi. Ushbu dastur oliy o’quv yurtlarida dars beruvchi o’qituvchilarga malaka oshirish va amerikalik hamkasblar bilan tajriba almashish uchun to’liq bir semestr mobaynida AQSh universitetlari darslarida ishtirok etish va kafedra a’zosi sifatida faoliyat yuritish imkonini beradi. Dasturda qatnashishga xohish bildirganlar gumanitar va ijtimoiy fanlar bo’yicha bir semestrlik dasturda qatnashishlari mumkin.

O’rta maktab ingliz tili o’qituvchilari uchun TEA dasturi

“TEA” dasturi 10 yildan ortiqroq bo’lgan davr mobaynida o’rta maktab ingliz tili o’qituvchilari uchun o’z malakalarini oshirish, o’qituvchilik mahoratlarini chuqurlashtirish va AQSh to’g’risidagi bilimlarini boyitish uchun imkoniyat yaratib kelmoqda.

Diqqat: Ushbu dasturga bu yilgi qabul davom etmoqda. Hujjatlarni qabul qilish muddati 2014-yil 3-martgacha. Dastur haqida to’liq ma’lumot olish uchun shu haqda yozgan maqolamizni o’qing: O’qituvchilar uchun AQShda malaka oshirish imkoniyati

Edmund Maski magistratura dasturi

“Maski” dasturi sobiq Sovet Ittifoqi fuqarolariga AQShda magistraturada tahsil olish imkoniyatini yaratadi. Har yili 250 dan ziyod “Maski” chilar turli sohalar bo’yicha AQShning nufuzli oliygohlarida o’qib kelmoqda. Kamina ham AQShda shu dastur bo’yicha o’qish imkoniyatiga ega bo’lgan.

Izoh: AQSh hukumatidagi moliyaviy qisqarishlar sabab bu dastur hozir talabalarni qabul qilmayapti.

Oliy o’quv yurtlarining boshlang’ich kurslarida tahsil olayotgan talabalar uchun Yevroosiyo Almashinuv Dasturi (UGRAD)

“UGRAD” 1992-yilda tashkil etilgan bo’lib, u sobiq Sovet Ittifoqida yashovchi 1, 2, va 3-kurs talabalarini ta’lim grantlari bilan ta’minlanadi. UGRAD ishtirokchilari AQShning oliy o’quv yurtlarida va kollejlarida bakalavr yoki magistrlik darajasini bermaydigan bir yillik kurslarda tahsil olishadi.

Youth Exchange Opportunity Program (Yoshlar Almashinuvi Dasturi)

Yoshlar Almashinuv Dasturi o’zbekistonlik (15 dan 17 yoshgacha bo’lgan) o’quvchilar uchun AQSh maktablarida bir yil mobaynida tahsil olish imkoniyatini yaratadi. O’quvchilar mezbon oilalarda yashaydi.

Izoh: Bu dastur hozir talabalarni qabul qilmayapti. Noma’lum muddatgacha yopilgan.

Yuqorida tilga olingan grantlar haqida to’liq ma’lumot olish uchun, nomi ustiga bossangiz, elchixona saytiga o’tib, u yerdan batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Ushbu grantlarining boshqa shu kabi dasturlardan asosiy farqi shundaki, ularda O’zbekistonliklar uchun maxsus o’rinlar ajratilgan va bunga faqat o’zbekistonliklar topshiradi. Demak, raqobat maydoni xalqaro emas, balki bir mamlakat ichidadir. Ammo bu grantni qo’lga kiritish oson bo’ladi, degani emas. Chunki O’zbekistonda AQShga kelib o’qishni istovchi iqtidorli yoshlar juda ko’p va ushbu raqobatda siz ular bilan bellashishingizga to’g’ri keladi.

Bular to’liq grantlar hisoblanadi. Ya’ni, safar qilish haqi, AQShda yashash va o’qish uchun ketadigan xarajatlar to’la qoplanadi. Hatto boshqa viloyatdan imtihon yoki suhbat uchun Toshkentga kelsangiz, ushbu imtihon yoki suhbatdan o’tish-o’tmasligingizdan qat’i nazar, Toshkentga kelib-ketish va shu vaqt mobaynida Toshkentda yashash xarajatlaringiz uchun ham dastur sizga haq to’laydi. Yana bir foydali tomoni, ushbu dasturlar uchun TOEFL va GRE yoki GMAT imtihonlari ham elchixona tomonidan tashkillashtiriladi va imtihon uchun ham haqni ular to’laydi.

Mustaqil grant topish:

Yuqoridagi grantlarda qatnasha olmasangiz yoki omadingiz chopmasa, aslo xafa bo’lmang. Grantlarni mustaqil toping. Ingliz tilini bilasiz, internetda esa hamma axborot mavjud. Nima qidirishni, qayerdan qidirishni va g’ij-g’ij axborot orasidan o’zingizga keraklisini topa olsangiz kifoya.

Biz bu yo’lda sizga yo’l-yo’riq ko’rsatamiz.

Grant topish yoki internetni kovlashdan oldin quyidagi savollarga javob toping:

1. Nima o’qimoqchisiz? Ya’ni, o’qimoqchi bo’lgan yo’nalishingiz, darajasi – bakalavr, magistratura yoki undan yuqori bo’lgan bosqichlar – haqida aniq tasavvurga ega bo’lishingiz kerak.

2. Qayerda o’qimoqchisiz? AQShda siz o’qimoqchi bo’lgan sohada yuzlab, balki undan ham ko’p universitetlar va kollejlar bor. Qayerda o’qishning sizga ahamiyati bormi? Masalan, ko’z ostingizga olib qo’ygan biror universitetingiz, shahar yoki shtat bordir? Okean oshib, bu yurtga kelishni niyat qilgan ekansiz, arqonni uzun tashlang. Imkoniyatingizni kam sanamasdan, yaxshi universitetda o’qishga intiling. Amerikada har bir o’qish joyining reytingi bo’ladi. Universitet tanlashda shunga ahamiyat bering. Ammo reytingi yuqori bo’lgan universitetga kirish ham oson bo’lmaydi. Tayyorgarligingiz shunga yarasha bo’lishi lozim.

Do’stlar yordamiga tayaning:

AQShda o’qiyotgan, o’qigan yoki o’qiydigan do’sti bor do’stlaringiz bo’lsa kerak. Internet avlodi bo’lganingiz bois, balki Amerikadan allaqachon do’stlar orttirgandirsiz.

100 marta eshitgandan ko’ra, bir marta ko’rgan afzal deganlaridek, AQShda o’qigan yoki o’qiyotgan do’stlaringizdan maslahat oling. Ayniqsa, o’zingiz o’qimoqchi bo’lgan sohani yaxshi biladigan odam topib, ulardan maslahat olishingiz juda muhim. Ular sizga universitet topishda yoki bir necha variantlar orasidan qay birini tanlashga yordam beradi.

Internet – eng yaqin do’stingiz:

Internetda siz istagan hamma ma’lumot bor. Yuqorida aytganimdek, kerakli ma’lumotni qanday topishni bilsangiz kifoya.

O’qish sohangiz aniq bo’lgach, endigi ishingiz universitetlarni topish bo’ladi. Bir emas, bir necha universitet topishingiz juda muhim. Qancha ko’p joyga hujjat topshirsangiz, qabul qilinish imkoniyatingiz shuncha ko’payadi. Bir nechtasi sizga qabul taklif etsa, o’zingiz xohlagan birini qabul qilishingiz va qolganlariga rad javobini berishingiz mumkin. AQShda bu tabiiy jarayon.

Universitet qidirganda, albatta, grant beradiganlarini topishingiz kerak. Deyarli har bir universitet vebsaytida moliyaviy yordam (Financial Aid) bo’limi bo’ladi. Shu sahifada ularda talabalar uchun qanday yordam dasturlari bor, ularga qanday hujjat topshirish kerak, hammasi batafsil yozilgan bo’ladi. Biror universitet topganda, birinchi bo’lim shu bo’limini o’qib chiqing. Agar ularda chet ellik talabalar uchun grant yoki moliyaviy yordam berilmasa, boshqa ma’lumotlarni o’qiganingizdan foyda yo’q, bu saytni butunlay tark etishingiz mumkin.

Quyida universitet saytidan moliyaviy yordam va hujjat topshirishga oid zarur ma’lumotlarni qanday topish jarayonini bir universitet misolida tushuntirib beraman.

Deylik, men AQShda Siyosatshunoslik bo’yicha magistratura o’qimoqchiman. Berklidagi Kaliforniya Universiteti (University of California at Barkley) mashhur ekanini bilaman. Saytini topib kiraman: http://berkeley.edu/

Keyingi qiladigan ishim – Siyosatshunoslik bo’limini topish. Bosh sahifadagi Academics degan bo’limning ustiga bosaman, o’ng tomonda ichki bo’limlar ochiladi. Ular orasidan Graduate Division ni tanlayman: http://www.grad.berkeley.edu/

Men magistratura darajasiga topshirmoqchi bo’lganim uchun Gradute Division bo’limini tanladim. Endi bu sahifadan Academic Programs degan ichki bo’limga kiraman: http://www.grad.berkeley.edu/admissions/list.shtml

Chunki men dasturlar orasidan aynan mening sohamni topishim kerak. Yangi sahifada barcha o’quv dasturlari alifbo tartibida chiqadi. Ular orasidan Political Science (Siyosatshunoslik) ni topaman: http://polisci.berkeley.edu/

Endi sahifaning tagidan Graduate Program degan sahifaga kiraman: http://polisci.berkeley.edu/grad/

Chunki magistratura Graduate bo’limida bo’lishini bilaman. Bu sahifadagi ma’lumotlarni o’qib bilamanki, dastur faqat aspirantura (PhD) uchun hujjat qabul qilar ekan. Agar menda faqat bakalavr darajasi bo’lsa, demak, men bu dasturga topshira olmas ekanman, degan tushuncha paydo bo’lishi mumkin. Chunki aspiranturaga kirish uchun avval magistraturani tamomlash kerak.  Ammo saytni biroz kovlab, bu yerda bakalvrni bitirganlarni ham qabul qilishlarini va yo’l-yo’lakay magistratura darajasi ham berilishini bilib qolaman. Saytning Ko’p So’raladigan Savollar (FAQ) bo’limiga kirsangiz, shu haqda yozilganini ko’rishingiz mumkin: http://polisci.berkeley.edu/grad/applying/faq/

Faqat aspiranturaga qabul qilamiz, degani faqat magistratura o’qiyman, deganlarni emas, balki magistraturadan keyin aspiranturada ham qolib o’qiyman degan niyatdagi talabalarni olamiz, degan ma’noni anglatadi.

Aspiranturada o’qish niyatim bor. Demak, bu dasturga topshirishim mumkin. Endi qanday hujjat topshirishim kerak, o’qishga kirish talablari nimalardan iborat, shu ma’lumotlarni topishim kerak. Bu haqda ham FAQ bol’imida batafsil yozilgan ekan. Xalqaro talabalar uchun alohida shartlar quyidagi manzilda ekan: http://www.grad.berkeley.edu/admissions/admis_require.shtml#4_2

Bu maqolada ushbu universitetning qabul shartlari haqida batafsil to’xtalmoqchi emasman. Yuqoridagi manzillarga kirib, istasangiz, to’liq ma’lumot olishingiz mumkin. Shuni aytishim mumkinki, O’zbekistonda tan olingan universitetdan bakalavr diplomingiz bo’lsa, TOEFL/IELTS va GRE testlarini topshirgan bo’lsangiz yoki hujjat topshirish muddatigacha topshirish imkoniyatiga ega bo’lsangiz, siz bu yerga hujjat topshirishingiz mumkin. Endi mavzuning eng muhim qismiga kelamiz – grant olish masalasiga.

Saytning o’ng tomonida Funding degan sahifa bor. Shu yerga kiramiz: http://www.grad.berkeley.edu/admissions/admis_require.shtml#4_2

Bu yerdan o’qib bilamizki, deyarli barcha talabalar o’qishni tamomlaguncha o’qish va yashash uchun to’liq grant bilan ta’minlanadi. Jumladan, xalqaro talabalar ham. Bu biz uchun ayni muddao. Endi hujjat topshirish haqidagi ma’lumotlarni yaxshlab o’qib chiqib, hujjat topshirish uchun tayyorgarlikni boshlash kerak.

Boshqa universitetlarni qaraganingizda ham xuddi shu jarayondan o’tasiz. Xalqaro talabalar uchun moliyaviy yordam berilmaydi, deb alohida ta’kidlangan saytlarni o’qib o’tirmasangiz ham bo’ladi. Yuqoridagi misolda kelganidek, barchaga birdek moliyaviy yordam beradigan dasturlarni qarang.

Saytimizni kuzatishda davom eting. Mavzu bo’yicha yanada qiziqarli maqolalarimiz hali oldinda. Doimgidek, savol va mulohazalaringiz uchun ochiqmiz.

Ayol jurnalistlar uchun ilmiy-amaliy kurs

$
0
0

http://www.tashabbus.uz/wp-content/uploads/2014/02/Elizabeth-Neuffer-Fellowship-610x259.png

Xalqaro ayollar media jamg’armasi 2014-2015-o’quv yili uchun Elizabeth Neuffer stipendiyasiga tanlov boshlanganini ma’lum qiladi.

Tanlovda dunyoning istalgan burchagidan bosma, teleradio yoki internet sohasida ishlovchi ayol jurnalistlar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar inson huquqlari va ijtimoiy adolat mavzularini yoritgan bo’lishlari kerak. Qabul qilinganlar yetti oy davomida Boston va Nyu-Yorkda ishlash va malaka oshirish imkoniyatiga ega bo’ladi. Ular Massachusets Texnologiya instituti qoshidagi Xalqaro tadqiqotlar markazida tahsil oladi hamda “Boston Gloub” va “Nyu-York Tayms” gazetalarida ishlab malaka oshiradi.

Dasturda qatnashish tartibi

Ishtirokchilar quyidagi hujjatlarni topshirishlari lozim:

1) To’ldirilgan anketa  | Bu yerdan saqlab oling

2) To’ldirilgan ikkita tavsiyanoma formasi | Bu yerda saqlab oling

3) Ingliz tilini yetarli darajada bilishingizni tasdiqlovchi forma | Bu yerda saqlab oling

4) Rezyume yoki CV

5) Ishingizdan namunalar

To’ldirilgan anketa va boshqa formalarni e-mail orqali (neuffer@iwmf.org) yuborishingiz kerak. E-mail mavzusiga “IWMF Elizabeth Neuffer Fellowship: [Ism-familiyangiz]” deb yozishni unutmang.

Hujjatlarni quyidagi manzilgan pochta orqali ham jo’natishingiz mumkin:

Elizabeth Neuffer Fellowship
International Women’s Media Foundation
1625 K Street, NW, Suite 1275
Washington, D.C. 20006 USA

Anketalar 2014-yilning 11-apreligacha qabul qilinadi. Savollaringiz bo’lsa, ularni dastur boshqaruvchisi Ann Mariye Valentinga (+1 202-567-2609, E-mail: neuffer@iwmf.org) jo’natishingiz mumkin.

Qo’shimcha ma’lumot uchun manba: International Women’s Media Foundation

Yozgi maktab dasturi uchun Nyu-Yorkka tashrif buyuring

$
0
0

summer-school-610x259“BMTning Tamaddunlar ittifoqi” hamda “EF Ta’lim Birinchi” tashkiloti 18 yoshdan 35 yoshgacha bo’lganlar uchun Yozgi maktab dasturini taqdim etadi.

Ushbu dastur Nyu-York shahri markazidan 45 km. uzoqlikda joylashgan EF Xalqaro ta’lim markazida 2014-yilning 16-avgustidan 23-avgustigacha bo’lib o’tadi. Uni o’tkazishdan quyidagilar maqsad qilingan:

1. Yoshlarning madaniyatlararo aloqa bo’yicha malakalarini kuchaytirish orqali ularning imkoniyatlarini yanada oshirish;

2. Chegaralararo o’zaro hamkorlikni tashkil etuvchi loyihalarda yoshlarning ishtirok etish imkoniyatlarini kuchaytirish;

3. Yoshlar o’rtasida munosabatlarni shakllantirish va tanishlar orttirish.

Bir hafta davomida ishtirokchilar BMT darajasida ko’rib chiqiladigan muhim masalalar – tinchlik, xavfsizlik, taraqqiyot, inson huquqlari, gumanitar yordam hamda xalqaro huquq masalalari bo’yicha treyningdan o’tishadi.

Yozgi dasturda qatnashish uchun tanlab olingan nomzodlar quyidagilar bilan ta’minlanadi.

  1. Nyu-Yorkka kelish va ketish bilan bog’liq safar xarajatlari;
  2. Yotoqxona;
  3. Oziq-ovqat;
  4. Bir hafta davomida bo’lib o’tadigan barcha darslarga kirish imkoniyati;
  5. Nyu-York shahridan aeroportgacha olib boradigan transport;
  6. Viza xarajatlari;
  7. Tibbiy sug’urta.

Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  1. 18 va 35 yosh oralig’ida bo’lish;
  2. Biror yoshlar guruhi, diniy tashkilot, nodavlat-notijorat tashkiloti faoli bo’lish yoki ijtimoiy tadbirkorlik, bloggerlik hamda ko’ngilli sifatida boshqa tashkilotlarga yordam berish bilan shug’ullanish;
  3. Kamida 2015-yilning mayigacha yaroqli bo’lgan pasportga ega bo’lish;
  4. Ingliz tilini o’rtachadan yuqoriroq darajada bilish.

Kerakli hujjatlar 2014-yilning 22-apreligacha topshirilishi lozim. Anketani quyidagi havola orqali topshirishingiz mumkin:

Apply Now

Dastur bilan bog’liq savollarga javoblar: FAQ (Ingliz tilida)


Eng kuchli universitetga kirish uchun a’lo baholar kifoyami?

$
0
0

2013-10-15-IvyLeagueAQShning eng zo’r universitetlariga kirish va grant olish uchun minimum talablar nimalardan iborat ekani haqida yaxshi ma’lumotga egasiz. Bu haqda avvalgi maqolalarimizda ham ma’lumot berganmiz. Keling, ularni yana bir bor esga olaylik.

Demak, AQShda magistratura bo’yicha yaxshi universitetga qabul qilinishni istasangiz va qabul qilinish bilan birga grant olish umidingiz bo’lsa, avvalo, bakalavrlik diplomingiz bo’lishi, bo’lganda ham, a’lo baholarga o’qigan bo’lishingiz kerak.

Shuningdek, AQShda o’qish uchun xorijlik talabalarga ingliz tili bo’yicha qo’yiladigan minimum talablarga javob berishingiz kerak. TOEFL yoki IELTSdan olgan balingiz qancha baland bo’lsa, grant olish imkoniyatingiz ham shuncha yuqori bo’ladi.

Bulardan tashqari, qabul uchun hujjat topshirish jarayonida yoziladigan esselaringiz a’lo darajada bo’lishi kerak.

Endi asosiy maqsadga o’tamiz.

AQShda “Ivy League” deya ataluvchi eng kuchli universitetlar guruhi bor. Bularga quyidagi o’quv yurtlari kiradi:

1. Brown University

2. Columbia University

3. Cornell University

4. Dartmouth College

5. Harvard University

6. Princeton University

7. University of Pennsylvania

8. Yale University

Bu universitetlar AQShning eng nufuzli oliy o’quv dargohlari hisoblanadi va bu yerga kirish chet ellik talabalar u yoqda tursin, ko’plab amerikaliklar uchun ham ushalmas oliy orzu. har yili yangi talabalar talabgorlar orasidan tanlab-tanlab, chertib-chertib olinadi. Demak, mazkur universitetlarga kirish juda qiyin.

Eslatma: Shuni ta’kidlab o’tish kerakki, AQShning eng kuchli universitetlari faqat yuqoridagi  8 ta universitetdan iborat emas va ularning AQSh universitetlari reytingidagi o’rni ham nisbiydir. Biz aynan “Ivy League” deb ataladigan kuchli universitetlar guruhini tanlab olganimiz uchun, yuqorida faqat shu guruhga mansub universitetlarni sanash bilan cheklandik.

Bu universitetlarga kirish uchun nima qilish kerak?

Avvalo, yuqorida sanab o’tilgan minimum talablarga javob berishingiz kerak. Ya’ni, ko’plab da’vogarlar orasidan a’lo baholaringiz bilan ajrab turishingiz kerak. Bu borada xorijliklar AQShlik talabgorlarning aksariyati bilan bellasha olmasligi mumkin. Ammo bu oliy o’quv yurtlarining deyarli har birida xorijliklar yoki ozsonli etnik millat vakillari uchun maxsus o’rinlar ajratilgan bo’ladi. Xorijlik talabalar hujjat topshirganda, odatda, shu imkoniyat asosida o’qishga qabul qilinadi.

Demak, a’lo baholarga ega bo’lish bilan birga sizni boshqa a’lochi abiturientlardan ajratib turadigan o’ziga xos jihatlaringiz bo’lishi kerak.

Bular nimalardan iborat bo’lishi mumkin?

Bular siz o’qimoqchi bo’lgan sohaga aloqador bo’lishi shart emas. Muhimi, o’z maqsadingizga erishishda qat’iy ekaningizni isbotlashingiz uchun boshqa soha va yo’nalishlarda ham, havaskor bo’lsangiz-da, faol va uddaburon ekaningizni ko’rsatishingiz kerak.

Masalan, tibbiyot sohasida oq’ish uchun hujjat topshiryapsiz. Ayni paytda havaskor bokschi sifatida universitetlararo o’tkazilgan musobaqa chempionisiz yoki havaskor musiqachi sifatida ko’plab ichki tadbir va tanlovlarda ishtirok etgansiz. Shuningdek, ko’ngilli sifatida turli talabalar tashkilotlarida faolligingiz, masalan, talabalar uyushmasi yetakchisi sifatida ishlaganingiz siz uchun bu universitetlarga kirishda katta yutuq bo’lishi mumkin. Yoki bakalavrda o’qib yurgan paytingizda fakultetingiz gazetasida bosh muharrirlik qilgan bo’lishingiz mumkin. Bu ham katta shaxsiy yutug’ingiz hisoblanadi

Anketani to’ldirganda, rezyumeingizda, ayniqsa, qabul uchun yozgan esselaringizda shu jihatlaringizni ochib bera olishingiz kerak. Bu univesitetlar qabul davomida xorijlik talabalar bilan suhbat o’tkazishi mumkin. Ana shunday suhbatlar davomida ular sizning o’ziga xos jihatlaringizni bilib olishga harakat qiladi. Bu imkoniyatdan unumli foydalanib, nima uchun boshqalardan ko’ra zo’rroq, afzalroq va shu o’qishga yoki grantga loyiqroq ekaningizni ko’rsatib berishingiz kerak.

Xullas, o’qishga qabul qilish qarorini berish uchun talabaning anketasi bilan tanishib chiqish jarayonida talabgorning ingliz tilida “extracurricular activities” deya ataladigan darsdan tashqari mashg’ulotlarda qanchalik faol ishtirok etganiga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Zotan, hammaning bahosi birdek a’lo bo’lgandan keyin, ular orasidan kim zo’rroq bo’ladi? Albatta, o’qishdan tashqari mashg’ulotlar uchun ham vaqt topa olgan va ularda muvaffaqiyatli ishtirok eta olgan talaba. Siz ana shunday talaba bo’lishingiz kerak.

Mavzu bo’yicha suhbatimiz davom etadi. Bizni kuzatib boring.

“Fulbright” granti magistratura uchun arizalarni qabul qilmoqda

$
0
0

http://photos.state.gov/libraries/uzbekistan/5/logos/Fulbright_Logo.jpgFulbrayt xorijiy talaba dasturi (Fulbright Foreign Student Program) ikki yilgacha bo’lgan magistrlik darajasi uchun 2015-2016-o’quv yiliga ishtirokchilardan arizalar qabul qilishni boshladi. Tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, AQSh universitetlaridan biriga qabul qilingan talabalar ikki yilgacha AQShda o’qish imkoniyatini qo’lga kiritadi. O’qish, yashash va safar bilan bog’liq barcha xarajatlar AQSh hukumatining Ta’lim va madaniyat ishlari  byurosi tomonidan ta’minlanadi.

Xabaringiz bo’lsa, AQShda magistratura o’qish uchun grant ajratuvchi “Muskie” dasturi moliyaviy yetishmovchiliklar bois o’tgan yili faoliyatini to’xtatdi. Shundan beri Fulbrayt dasturi AQSh hukumatining magistratura uchun xorijlik talabalar uchun ajratayotgan yagona granti bo’lib turibdi.

Xorijda, xususan, AQShda o’qish imkoniyatini qidirayotgan vatandoshlarimiz uchun ushbu dastur ayni muddao. Dastur talablariga javob beruvchi  barcha vatandoshlarimizni unda ishtirok etishga chaqiramiz.

Dastur haqida qisqacha ma’lumot:

Fulbrayt Xorijiy Talaba Dasturi gumanitar yo‘nalishlar, tabiiy fanlar, jumladan, muhandislik va ijtimoiy fanlar bo‘yicha o‘qish uchun ariza va hujjatlarni qabul qiladi. O’zbekistondagi AQSh elchixonasi veb saytining dastur haqidagi ma’lumotlar sahifasida Edmund Maski Bitiruvchilar Stipendiyasi dasturida  ko‘zda tutilgan akademik yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishni istagan nomzodlar Fulbrayt Xorijiy Talaba Dasturiga ariza topshirishi mumkin. Bu yo’nalishlar quyidagilardan iborat:

  • Biznes Boshqaruvi;
  • Iqtisodiyot;
  • Huquqshunoslik;
  • Davlat Boshqaruvi;
  • Davlat Siyosati;
  • Maorif;
  • Atrof-muhitni asrashni boshqarish;
  • Xalqaro Munosabatlar;
  • Kutubxona va Axborotlar Fani;
  • Jurnalistika/Kommunikatsiya;
  • Sog‘liqni Saqlash.

Qatnashuvchilar ochiq raqobat sharoitida, bilim va tajribalari asosida tanlab olinadi. Tanlovda qatnashuvchilarning yetakchilik qobiliyati, a’lo baholarga o‘qishi, AQShdagi hayotga muvaffaqiyatli moslasha olish qobiliyati, amerikaliklar bilan muloqotga kirishish ishtiyoqi, Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘rta Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro anglashuvni olg‘a surish salohiyatiga katta e’tibor beriladi.

Dastur Talablari:

Nomzodlar O‘zbekiston fuqarolari yoki mamlakat tomonidan beriladigan haqiqiy pasport olish huquqiga ega doimiy istiqomat qiluvchi bo‘lishi lozim.
Nomzodlar grant muddati boshlanish paytida AQSH ta’lim darajasi bo‘yicha bakalavr unvoniga tenglashtirilgan ma’lumot sohibi bo‘lishlari lozim.
Qaysi universitetdan bo‘lishidan qat’i nazar, magistr ma’lumotiga ega bo‘lgan nomzodlar ushbu dasturda ishtirok eta olmaydi.

Nomzodlar AQShdagi o‘qishlarini muvaffaqiyatli yakunlashlari uchun ingliz tilini yetarli darajada o‘zlashtirgan bo‘lishlari zarur.

Qog‘oz asosidagi TOEFLdan kamida 550 balli natijaga ega bo’lish tavsiya qilinadi, lekin shart emas. GRE yoki GMAT imtihonlarini topshirishlari talab etilmaydi.

Dastur haqidagi ma’lumotnomada AQShda bo’lmagan ishtirokchilarning yutish imkoniyatlari ko’proq ekani aytilgan. Hozirgi kunda AQShda bo‘lgan nomzodlar ishtirok eta olmaydi. Tanlov jarayonida nomzodning moliyaviy ehtiyojlari yoki holatiga e’tibor berilmaydi.

Muhim eslatma:

J-viza talablariga binoan hamda o‘zaro anglashuvni olg‘a surish maqsadida barcha grant oluvchilar dastur tugashi bilan o‘z mamlakatlariga qaytib, unda kamida ikki yil yashashlari lozim.

Dastur tomonidan ta’minlanadigan grant miqdori:

Barcha grant sohiblari o‘qish to‘lovi, 24 oygacha bo‘lgan oylik stipendiyalar, kasallik va baxtsiz hodisalarga qarshi sug‘urta xarajatlari, kitob va jihozlar uchun ajratiladigan mablag‘lar, safar xarajatlari uchun moddiy yordam hamda Fulbrayt tomonidan uyushtiriladigan tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlari bilan ta’minlanadi.

Ariza topshirish sanasi:

2015-2016-o’quv yili uchun arizalar 2014-yil 2-iyungacha qabul qilinadi.

Hujjatlarni topshirish tartibi:

Hujjat va arizalarni  topshirish yo’l-yo’riqlari haqida batafsil ma’lumot (ingliz tilida): Application Instructions (PDF-295KB).

Hujjatlarni internet orqali to’gridan to’g’ri topshirishingiz mumkin. Buning uchun “Fulbright” dasturi rsamiy veb-sahifasida ro’yxatdan o’tishingiz va elektron anketani to’ldirishingiz kerak.

Fulbright Foreign Student Program Online Application.

Qo’shimcha savollaringiz bo’lsa, Toshkentdagi AQSH elchixonasiga murojaat etishingiz mumkin. Murojaat uchun manzil:

U.S. Embassy Tashkent
3 Moyqorgon Street,
Yunusabad 5th District, Tashkent
(998 71) 120-5450

Savollarni elektron pochta orqali quyidagi e-mail manziliga ham yuborishingiz mumkin:  Tashkent-program@state.gov

Maktub nomi yoziladigan joyga “Fulbright Foreign Student Program” deb yozishni unutmang.

Obama talabalar uchun qarz to’lash imkoniyatini yengillashtirdi

$
0
0

Prezident Obama talabalar davrasida o'qish qarzlarini to'lashni osonlashtirish haqidagi buyruqqa imzo chekmoqda, 9-iyun, 2014-yil. © Photo AP

Prezident Obama talabalar davrasida o’qish qarzlarini to’lashni osonlashtirish haqidagi buyruqqa imzo chekmoqda, 9-iyun, 2014-yil. © Photo AP

AQSh prezidenti Barak Obama ta’lim krediti olgan talabalarning qarzlarini to’lashni osonlashtirish maqsadida qabul qilingan qonun doirasini kengaytirdi.

“Topganingga yarasha to’la” deb nomlanuvchi va 2010-yilda qabul qilingan qonunga ko’ra, o’qishni qarz bilan bitirgan talabalarning qarzlarni uzishga qaratilgan oylik to’lovi 10 foizdan oshmasligi kerak. Ushbu qoida 2007-yil oktabrdan keyin kredit olgan talabalargagina amal qilar edi.

Obamaning yangi buyrug’iga ko’ra, bundan buyon 2007-yildan oldin qarz olganlar ham ushbu qonun imtiyozidan foydalanish huquqiga ega bo’ladi. Mavjud o’zgarishdan qo’shimcha 5 million talaba naf olishi kutilyapti. Qonundagi o’zgarishlar 2015-yilning dekabridan kuchga kiradi.

Demokratlar saylov kampaniyalarida yoshlarga alohida e’tibor berishga urinadi. O’tgan har ikki prezidentlik saylovida ham yosh saylovchilarning aksariyati Barak Obama uchun ovoz bergan.

Noyabr oyida bo’lib o’tadigan Kongress saylovlarida ham demokratlar partiyasi talabalar e’tiborini qozonishga urinmoqda. Obamaning ta’lim krediti to’lovlarini osonlashtirishga qaratilgan yangi qarori shu maqsadga qaratilgani aytilmoqda.

Respublikachilar Obamaning bu qarorini norozilik bilan kutib olib, talabalarga moliyaviy yordam emas, balki ish kerakligini ta’kidlamoqda.

Talabalar qarzi

Ayni paytda AQSh bo’ylab talabalar zimmasidagi qarz miqdori jami 1,2 trillion dollarga yetgan. Uning 85 foizi hukumat tomonidan kafolatlangan kreditlardir.

2012-yil bakalavr darajasini olgan talabalarning o’rtacha qarzi 29,500 dollarni tashkil etgan. Ularning qarz miqdori yildan yilga oshib bormoqda (1-jadvalga qarang).

1-jadval. Ushbu jadvalda 2006-yilda 500 mlrd. dollar bo’lgan talabalar qarzi bugunga kelib 1 trillion dollardan oshgani va bu miqdor yildan yilga oshib borayotgani aks etgan.
 

Senatda talabalar qarzlarini to’lash jarayonini osonlashtirish haqida yangi qonun muhokamaga qo’yilgan. Agar qabul qilinsa, u talabalarga qarz uchun to’lov foizlarini kamaytirish imkonini beradi. Shunda uy uchun qarz olgan odamlar kabi, talabalar ham, moliya bozoridagi foiz darajalariga qarab qarz foizlarini o’zgartirishlari mumkin bo’ladi. Demokratlar tashabbusi bo’lgan bu qonunning qabul qilinishiga respublikachilar qarshi.

Tadqiqotchilar uchun “Fulbrayt” ta’lim dasturiga qabul boshlandi

$
0
0

fulbright-pin-logoAQShning “Tashrif buyuruvchi olimlar uchun Fulbrayt dasturi” (Fulbright Visiting Scholar Program) 2015-yil uchun arizalarni qabul qilishni boshladi.

Ushbu dasturda imiy darajaga ega bo’lgan kollej va universitet o’qituvchilari yoki kamida 15 yillik ish tajribasiga ega mutaxassislar ishtirok etishi mumkin. “Fulbrayt” har yili quyidagi yo’nalishlar bo’yicha grantlar ajratadi:

  • Adliya;
  • Ta’lim;
  • Kutubxonachilik;
  • Jurnalistika;
  • Siyosatshunoslik;
  • Biznes;
  • Moliya;
  • Jamiyatshunoslik;
  • Atrof-muhitni o‘rganish;
  • Madaniyat va san’at.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi saytida yozilishicha, ushbu dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi va boshqa xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamfikrlilikni kuchaytirish, shu tariqa Qo‘shma Shtatlar va boshqa mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona, samimiy va tinch munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashishdan iborat.

“Fulbrayt” stipendiyasini qo’lga kiritgan olim va professionallar AQShda to‘rt oydan 10 oygacha bo‘lgan muddatda tadqiqot olib borish imkoniyatini qo’lga kiritadilar.

Ushbu dasturga ariza topshiruvchi kishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi, ingliz tilini mukammal bilishi, fan nomzodi yoki doktorlik darajasiga yoxud o‘z sohasida kamida 15 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, barcha nomzodlarning sog‘ligi yaxshi holatda bo‘lishi talab qilinadi.

Hujjatlar 2014-yilning 4-noyabrigacha qabul qilinadi.

Dasturda ishtirok etish uchun quyidagi manzil orqali ro’yxatdan o’tib, kerakli hujjatlarni topshirishingiz lozim:

https://apply.embark.com/student/fulbright/scholars

Dastur bo’ycha savollaringiz bo’lsa, ularni Tashkent-Program@state.gov elektron manziliga yo’llashingiz mumkin. Shuingdek, mavzu bo’yicha so’nggi yangiliklardan xabardor bo’lib turish uchun elchixonaning “Facebook”dagi sahifasini kuzatib borishingizni tavsiya etamiz.

Markaziy Osiyo bo’yicha ilmiy maqolalar tanlovi

$
0
0
Central-Asia-Program-other-01-e1409251782398Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi Markaziy Osiyo bo’yicha tadqiqotlarni rag’batlantirish maqsadida “Markaziy Osiyo tadqiqotlari bo’yicha eng yaxshi bitiruvchi talaba ilmiy ishi” nomli tanlov e’lon qildi.
G’olib talabaga $300 pul mukofoti beriladi hamda maqolasi “Markaziy Osiyo masalalari” (Central Asia Affairs) jurnalida chop etiladi.
Ishtirok etish shartlari:
  • Tanlovda ishtirok etmoqchi bo’lgan talaba magistratura yoki aspirantura talabasi bo’lishi hamda Markaziy Osiyo mavzusida magistrlik yoki aspirantlik ilmiy ishini (diplom yoki ilmiy daraja ishi) yozayotgan bo’lishi kerak.
  • Maqola ingliz tilida topshirilishi kerak (O’quv yurtida yozilayotgan ilmiy ish ingliz tilida bo’lishi shart emas)
  • Maqola mavzusi Markaziy Osiyo, jumladan, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda O’zbekiston hududlarini qamrab olishi kerak. Afg’oniston, Sharqiy Turkiston, Mongoliya hamda Volga-Ural hududiga oid yozilgan maqolalar ham qabul qilinadi.
  • Tarixiy mavzudagi maqolalar ham qabul qilinishi mumkin, faqat ular bugungi zamonaviy masalalarni tushunishda yordam berishi kerak.
  • Maqola original tadqiqot ishi bo’lishi lozim. Mavjud adabiyotlarga yozilgan sharhlar qabul qilinmaydi.
  • Maqola 6000 va 8000 so’z orasida bo’lishi kerak.
  • Maqola ilmiy asar yozish shartlariga rioya qilingan holda taqdim etilishi kerak:
    • Ko’pi bilan 150 so’zdan iborat abstrakt (ma’lumotnoma);
    • Kirish qismida olg’a surilgan gipoteza (ilmiy masala);
    • Bir necha qismdan iborat asosiy bo’lim;
    • Tadqiqot natijalarini jamlovchi xulosa;
    • Snoska va havolalar;
    • Bibliografiya bo’lishi kerak.

Tanlab olish jarayoni

Markaziy Osiyo dasturi qabul qilingan barcha maqolalarni ko’rib chiqib, eng yaxshi 10 tasini tanlab oladi. Tanlab olingan maqola mualliflariga e-mail orqali xabar beriladi. So’ng tanlab olingan maqolalar maxsus ilmiy qo’mita ko’rigiga havola etiladi. Ular eng yaxshi maqolani g’oliblikka taqdim etadi.

Dastur uchun hujjatlarni yuborish

Tanlovda qatnashish uchun maqolangizni, rezyume hamda talabaligingizni tasdiqlovchi hujjatni (“Word” yoki “PDF” shaklida) infocap@centralasiaprogram.org elektron manziliga yo’llang.

Hujjatlarni topshirish muddati 2014-yil 15-oktabrgacha.

Viewing all 90 articles
Browse latest View live


<script src="https://jsc.adskeeper.com/r/s/rssing.com.1596347.js" async> </script>